Bugungi kunda yuqori malakali, ijodiy va innovatsion fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning ustuvor yo’nalishlaridan biridir. Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti bir qator seminar-treninglar o’tkazmoqda.
Mashg’ulotlar davomida trenerlar innovatsion va interaktiv ta’lim usullaridan foydalanadilar: keys-stadi (case-study), muammoli vaziyatlar, rolli o’yinlar, psixodramalar, baholash elementlari, enerjayzerlar. Har bir trening dasturi mavzuga muvofiq ishlab chiqilgan.
Shu jumladan, jamoani shakllantirish, liderlik fazilatlarini rivojlantirish, ijodiy va kreativ fikrlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2018 yil 15 dekabr kuni «O’zbekNeftGaz» AJning 100 nafar yetakchilari – yetakchi va rahbarlarning funksional majburiyatlarini har tomonlama tahlil etdilar va o’z bilimlarini amalda qo’llashni o’rgandilar. 2019 yil ish rejasini tuzildi va loyihalar yaratildi, shu bilan birga ularni amalga oshirish yo’llari va mexanizmlari ishlab chiqildi.
Rahbarlar O’zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati, korxona yosh mutaxassislarining manfaatlarini himoya qilish tizimi, korxonalar bilan hamkorlik qilish va birgalikdagi ishlarini tashkil qilish haqida batafsil ma’lumot oldilar.