O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” PQ-4768-son, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-maydagi 336-sonli hamda 2024-yil 9-avgustdagi 493-sonli qarorlariga muvofiq, salohiyatli va tashabbuskor, fidoyi yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish, ayniqsa davlat va jamiyat boshqaruv organlarining quyi tizimlarini zamonaviy yosh menejerlar bilan ta’minlash maqsadida 2026-yilning 2-oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining 2026-2027 o‘quv yili 1-davra 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kursiga nomzodlarning tegishli hujjatlarini https://qabul.yomi.uz/ elektron platformasi orqali onlayn qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Nomzodlar oliy ma’lumotli, 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari hamda oliy ta’lim muassasasini tugatgandan keyin kamida 2 yil ish stajiga ega, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlardan xabardor, yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida chuqur bilimli, mas’uliyatli, tashabbuskor, yetakchilik, ishbilarmonlik qobiliyati va jamoa bilan ishlash tajribasi mavjud davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari rahbarlari yoki xodimlari bo‘lishlari lozim.
Nomzodlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
- Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlarining birinchi rahbarlari imzosi bilan tavsiyanoma (Institutga o‘qishga tavsiya etishda nomzodlarning o‘ziga va ularning hujjatlariga nisbatan qo‘yilgan talablarga qat’iy rioya etish, hujjatlarning haqqoniyligi va to‘g‘riligi bo‘yicha mas’uliyat tavsiya etayotgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.);
- Institut direktori nomiga yozilgan ariza (namunada ko‘rsatilgan holda);
- Ma’lumotnoma-obyektivka (yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda);
- Oliy ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjat va ilovasining nusxasi (topshirishda hujjatning asl nusxasi ko‘rsatiladi);
- Mehnat daftarchasining tasdiqlangan nusxasi (ish staji kamida 2 yil bo‘lishi lozim);
- Pasport nusxasi, topshirishda hujjatning asl nusxasi ko‘rsatiladi.
Hujjatlarga nomzodning ish faoliyati davomidagi muayyan yutuqlarini (mukofotlari, ixtiro patentlari va boshqa erishilgan yutuqlarini) aks ettiruvchi hujjatlar nusxalari ilova qilinishi mumkin.
Nomzodlarning tegishli hujjatlari https://qabul.yomi.uz/ elektron platformasi orqali (belgilangan barcha hujjatlarni sifatli holda PDF qilib, saytga yuklash lozim) joriy yilning
2-oktyabriga qadar qabul qilinadi.
Qabul va saralash imtihonlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotni Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining www.yomi.uz sayti, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining www.yoshlar.gov.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan (telegram-https://t.me/yoshlaragentligi)dan hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlaridan olishingiz mumkin.
Murojaat uchun telefonlar +998 71 232-61-31.
