18–19-may kunlari poytaxtimizda “Birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi” o‘z ishini yakunladi. Mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOM) hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi.

 

Forum Markaziy Osiyo, Yevropa va dunyoning boshqa mintaqalaridan kelgan 500 dan ortiq xalqaro ekspertlar, davlat va jamoat arboblari, olimlar hamda soha mutaxassislarini bir maydonga jamladi. Anjumaning bosh maqsadi — zamonaviy dunyoda migratsiya jarayonlarini xavfsiz, tartibli va qonuniy qilish yo‘llarini ishlab chiqish hamda global va mintaqaviy muammolarga birgalikda yechim izlashdan iborat bo‘ldi.

 

Xalqaro forumning eng muhim yo‘nalishlaridan biri zamon ehtiyojlariga mos ravishda kechayotgan yoshlar migratsiyasi masalasiga bag‘ishlandi. Ushbu yo‘nalishdagi panel sessiyasida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori, professor Aktam Jalilov o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Institut rahbari o‘z nutqida bugungi kunda globallashuv shiddati va mehnat bozorining o‘zgaruvchanligi sharoitida yoshlar migratsiyasining o‘ziga xos xususiyatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Professor Aktam Jalilov tizimli tahlillarga asoslangan holda, yoshlar migratsiyasining asl sabablari, ularning xorijdagi ijtimoiy-iqtisodiy holati va bu boradagi aniq statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.

Birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi yakunlari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va migratsiya siyosatini modernizatsiya qilishga qaratilgan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Fikr bildirish