Joriy yilning 20-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti 2018-2019-o‘quv yili 2-davra 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Q.Quranbaev ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti 2018-2019-o‘quv yili 2-davra 4 oylik qayta tayyorlash kursi o‘quv rejasiga muvofiq, tinglovchilar 12 hafta davomida tinglovchilarga nazariy bilim berildi hamda uni mustahkamlash uchun tinglovchilar 2 hafta davomida turli vazirlik, idora, hokimlik va tashkilotlarga malakaviy amaliyot o‘tash uchun yuborildilar. Tinglovchilarning to‘plagan barcha bilim va ko‘nikmalarini belgilangan davlat talablariga muvofiqligini baholash maqsadida ular tomonidan bitiruv malakaviy ishlar yozildi hamda belgilangan tartibda yakuniy Davlat attestatsiyasi komissiyasida himoya qilindi.

O‘quv jarayoni davomida tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi (O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan o‘rta muddatli strategiya va dasturlar asosida), davlat va jamiyat boshqaruvining huquqiy asoslari, fuqarolik jamiyati asoslari, boshqaruv psixologiyasi, boshqaruv sotsiologiyasi, innovatsion menejment, muloqot psixologiyasi, tizimli tahlil asoslari, strategik boshqaruv, inson resurslarini boshqarish, loyiha boshqaruvi asoslari, boshqaruvda liderlik va yoshlar psixologiyasi, o‘zbek davlatchiligi tarixi va strategik taraqqiyot va davlatning iqtisodiy siyosati fanlaridan nazariy bilim olishdi va fanlar bo‘yicha attestatsiya topshirishdi.

Shu bilan bir qatorda, tinglovchilarga berilgan nazariy bilimlarni mantiqiy davomi sifatida malakaviy amaliyot tashkil etilib, unda asosiy e’tibor davlat boshqaruvining turli tizimlarida rahbarlik lavozimida o‘zini sinab ko‘rish, rahbarlik, yetakchilik, moliyaviy resurslarni boshqarish, murakkab boshqaruv amaliyotida qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Shu nuqtai-nazardan, aksariyat tinglovchilar o‘z malakaviy amaliyotini vazirlik, idora, tashkilot va hokimliklarda, mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarga dublyor sifatida yuborildilar.

Bugungi kunda tinglovchilarni xizmat lavozimlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat va hokimiyat organlari, vazirlik, idoralar hamda jamoat birlashmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 10-avgustiga qadar Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Hududiy Kengashlari tomonidan 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kursiga tinglovchilikka nomzodlarni hujjatlarini qabul qilish jarayoni davom etadi.