Joriy yilning 30 iyul kuni “Payshanba — yoshlar bilan muloqot kuni” doirasida Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari o‘rtasida rasmiy uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov hamda Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori o‘rinbosari Alisher Yunusov kirish so‘zi bilan chiqish qilib, ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari, sohada yoshlar potensialidan samarali foydalanish va istiqbolli kadrlar tayyorlash masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbir davomida Ilmiy va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Umarova hamda O‘quv ishlarini tashkil etish va kadrlar zahirasini monitoringi bo‘limi boshlig‘i Nodir Abbosov o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli taqdimot ma’ruzalarini taqdim etdilar.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti direktori Sheroz Ismatullayev muassasa faoliyati va sohada yuqori natijalarga erishayotgan iqtidorli yoshlarning yutuqlari bilan tanishtirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, yosh kadrlarning ilmiy va amaliy salohiyatini oshirish, birgalikdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni muhokama qilib, savol-javoblar o‘tkazdilar.

Fikr bildirish