Joriy yilning 18 iyun kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press klubi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan 2018 yil 30 iyundan 2019 yil 30 iyunga qadar amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda kelajakdagi rejalari hususida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullaev ochib berdi.
Unda Institut direktori Aktam Jalilov, Strategik boshqaruv kafedrasi mudiri Rahmonov Zafar, Boshqaruv psixologiyasi va liderlik kafedrasi mudiri Kamoliddin Qodirov, O‘quv bo‘limi boshlig‘i Sarvar Saidovlar spiker sifatida ishtirok etdi.
Institut faoliyati, maqsad va vazifalari yuzasidan institut direktori Aktam Jalilov tomonidan batafsil ma’lumot berib o‘tildi.
Shuningdek, institutda o‘quv va qayta tayorlash kurslariga qabul jarayonlari hamda ushbu kurslarni bitirgan yosh rahbarlarning bugungi kundagi faoliyati, amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot va o‘rganishlar, shuningdek, yosh rahbar kadrlar uchun nashr qilingan maxsus o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar xususida ma’lumot berildi. Xususan, o‘quv va uslubiy yo‘nalishda intsitutda 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kurslarida 162 nafar, 1 oylik malaka oshirish o‘quv kurslarida 457 nafar tinglovchi hamda joylarda o‘tkazilgan o‘quv seminarlarda jami 25.241 nafar tinglovchi boshlang‘ich tashkilot etakchilari tahsil olgan. Yosh kadrlarning kasbiy rivojlanishiga doir 15 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanib, nashr etilgan. 2018 yilda sotsiologiya, psixologiya, siyosatshunoslik va iqtisod yo‘nalishlarida tayanch doktorantura tashkil etilib, unga 18 nafar tadqiqotchi qabul qilingan. Xorij tajribasini o‘rganish, tajriba almashish maqsadida horijiy mamlakatlardagi, xususan, Rossiya, Turkiya, Xitoy kabi mamlakatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan o‘rnatilgan hamkorlik hamda kelajakda amalga oshirilishi kutalayotgan akademik almashinuv yuzasidan ham tegishlicha fikr almashildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi hamda ushbu akademiya qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan 30 iyunь “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyaning yakuniy xulosalari va bildirilgan takliflar muhokama qilindi.
Matbuot anjumani so‘ngida institutning kelgusidagi rejalari va amalga oshirishi kerak bo‘lgan vazifalari haqida ham to‘xtalib o‘tildi.