23-oktabr kuni Toshkentda “Yoshlarni eshitamiz” shiori ostida yoshlar, vazirliklar va volontyorlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va volontyorlik faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

23-oktabr kuni Toshkent shahrida fuqarolik jamiyati institutlari va volontyorlar ishtirokida “Yoshlarni eshitamiz” shiori ostida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning fikrini eshitish va dolzarb muammolarga yechim topish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbir Yoshlar ijod saroyida o‘tkazildi.
Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti (YOMI.uz) mazkur muloqotni tashkil etishda hamkor sifatida ishtirok etib, yoshlar va vazirlik hamda idoralar vakillari o‘rtasidagi muloqotni yo‘lga qo‘yishda hamda yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini davlat tuzilmalariga yetkazishda “ko‘prik” vazifasini bajardi.

Muloqotda quyidagi vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar:
Adliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Sport vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zmilliybank” AJ, “Aloqa bank” AT, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar yoshlarning ijtimoiy va jamoaviy masalalarni hal etishga qaratilgan taklif hamda tashabbuslarini muhokama qildilar, shuningdek, mamlakatda volontyorlik harakatini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Asosiy e’tibor yoshlarning jamoat ahamiyatiga ega loyihalarda ishtirokini kengaytirish, volontyorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va nodavlat tuzilmalar o‘rtasidagi samarali hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga qaratildi.

YOMI.uz vakillari yoshlardan to‘plangan tashabbus va takliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat institutlariga yetkazish orqali avlodlar o‘rtasida bog‘lovchi bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirga Zoom platformasi orqali mamlakatning barcha hududlaridan yoshlar onlayn tarzda qo‘shildilar.

 

“Yoshlarni eshitamiz” shiori ostida o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar yaxshi an’anaga aylanib, yoshlar tashabbuslarini rivojlantirish, ularning ovozini eshitish va YOMI.uz hamda davlat institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Fikr bildirish