O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvar PF-5635- sonli “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” gi Farmonining Ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan to‘rtinchi yo‘nalishi 4.6. Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish ijrosi doirasida Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari institutida 2019 yil 10 dekabrida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatini institut direktori Jahongir Negmatov ochib berdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Vazirlar Maxkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy markazi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashidan mutasaddi xodimlar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti bosh mutaxassisi Xodjaev Sobir “Yoshlar orasida tadbirkorlik muhiti tahlili” mavzusida taqdimot qilib, maqsad yoshlar orasida tadbirkorlik faoliyati va muhiti hamda tadbirkorlik bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish ekanligini ta’kidladi. Yoshlar orasida tadbirkorlik faoliyati va unga undagan motivlarni aniqlash, tadbirkorlik faoliyati va muhiti bilan bog‘liq shart-sharoitlarning ahamiyatini o‘rganish, yosh tadbirkorlarning qadriyatlar tizimini tahlil qilish, yosh tadbirkorlarga xos bo‘lgan xususiyatlarni tadqiq etish, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan holat va muammolarni o‘rganish kabi vazifalarni bajarilganligini bildirdi.


Davra suhbatining ikkinchi taqdimoti Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i, iqtisod fanlari nomzodi Shaxlo Maxkamovaning “Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy istaklari monitoringi (maktab, kollej va lisey bitiruvchilari hamda uyushmagan yoshlar misolida)” mavzusidagi ma’ruzasi bilan davom etdi. Ushbu tadqiqotda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalanishining ilmiy-uslubiy asoslarini ishlab chiqish, O‘zbekiston yoshlarining ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlari, tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan talablarini aniqlash, o‘quvchi yoshlarning maqsad va istaklarini amaliyotga tatbiq etish, tovar va xizmatlarga bo‘lgan yoshlarning ehtiyojini iqtisodiyotni modernizasiyalash orqali qondirish kabi vazifalar bajarilganligi aytib o‘tildi.
Har ikkala taqdimot yig‘ilish qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va ko‘rsatilgan tadqiqotlar natijalari keng muhokama qilindi. Diskussiyalarda i.f.d., prof. D.Po‘latov, i.f.d. S.A.Voronin, Z.V.Ilxamova va boshqalar faol ishtirok etishdi.
Davra suhbatida institutdan Azamat Jabborov, Bunyod Qobilov, Umida Umarova, Asqar Ismoilov, Umida Pazilova, Umida Narzullaeva, Bobur Koraboev, Javlon Sulaymanov, Nuriddin Muxmadiyorov, Olimjon G‘aybullaev, Dar’ya Ugay, Alisher Mamanov, Doniyor Fozilov va boshqa mutaxassislar ishtirok etishdi. Davra suhbatida xodimlar yoshlarga oid tadqiqotlardan xabardor bo‘lishdi.
Davra suhbati institut direktoring birinchi o‘rinbosari i.f.d., prof Dilshod Po‘latov tomonidan yakuniy nutq bilan tugallandi va majlis quyidagicha qaror qildi: Yoshlar siyosati bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlardan Yoshlar ittifoqi tomonidan unumli foydalanlayotgani, kelajakda hamkorlikda ishlashni davom ettirish takliflari asosida tadqiqotlar takomillashtirilib davom ettirilsin va kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilsin.

Fikr bildirish