Joriy yilning 26-30 sentyabr kunlari Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan o‘zbekistonlik yoshlarning xorijiy OTMlarda o‘qishga intilishi sabablarini o‘rganish maqsadida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnma telegram tarmog‘ida e’lon qilinib, 5 kun davomida 10 ming 600 nafar respondent ishtirok etdi.
Respondentlarga faqatgina bitta “Fikringizcha, nima uchun o‘zbekistonlik yoshlar xorijiy OTM larga o‘qishga kirishga intilishmoqda?” – degan savol bilan murojaat qilindi. Ushbu muammo bilan bog‘liq keng tarqalgan fikrlar savolning javob variantlari sifatida qo‘yildi.
Qo‘yilgan savolning muqobil, ya’ni, faqat bitta javobni tanlash imkoniyati respondentlar t omonidan eng asosiy sabablarni aniqlashga yordam berdi.

1-surat. Yoshlarning xorijiy OTMlarda o‘qishni afzal ko‘rish sabablari.

Olingan natijalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, so‘rovda ishtirok etgan yoshlarning beshdan bir qismidan ko‘prog‘i, ya’ni 21% xorijiy OTMlarda o‘qishning sababi sifatida “Xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirishning osonligi” va yana shuncha miqdordagi respondentlar “Xorijiy OTMlarda ta’lim sifatining yuqoriligi”ni ko‘rsatishgan.

Jumladan, ko‘plab xorijiy mamlakatlarda imtihon topshirish jarayoni markazlashtirilgan bo‘lib, test sinovlari Ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan vazifalar bo‘yicha yagona materiallar asosida mamlakatning barcha mintaqasida o‘tkaziladi. Masalan, Italiyada bitiruvchilar Qabul komissiyasiga Ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan ikkita yozma va bitta og‘zaki imtihon topshiradi xolos. Germaniyada OTMga kirish huquqini beradigan Abitur attestatini olish uchun 2 ta yozma va 2 ta og‘zaki imtihonlar topshiriladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlar mamlakatning istalgan OTMga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qozog‘istonda OTMga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar Yagona Milliy test sinovini topshirishi majburiy bo‘lib, u 5 ta fandan iborat, 4 tasi majburiy, bittasi abituriyent tanlagan sohaga bog‘liq bo‘ladi.

Qo‘shimcha o‘rganishlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, qo‘shni davlatlardagi ayrim ta’lim muassasalari turli variantlarda: masofadan ta’lim olish, bakalavriatda 3 yil o‘qish va boshqa turli jozibali qo‘shimcha takliflar asosida (tamomlagach obro‘li kompaniyalarda ish bilan ta’minlash, o‘qish davomida rivojlangan davlatlardagi obro‘li kompaniyalarda stajirovka, imtihonsiz yoki O‘zbekistonda to‘plagan test ballari asosida qabul qilish) o‘zbekistonlik yoshlarni pulli shartnoma asosida o‘qish uchun o‘zlariga jalb qilmoqda. Natijada, keyingi yillarda rivojlangan davlatlar yoki qo‘shni davlatlarning salohiyatli oliy ta’lim muassasalari bilan birga, turli shubhali muassasalarda oliy ma’lumot olish istagida chiqib ketayotgan yoshlar miqdori ham keskin oshib ketayotganligi kuzatilmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirliklari hamkorlikda qo‘shni davlatlardagi turli ta’lim muassasalari, ayniqsa xususiy muassasalar tomonidan ko‘rsatilayotgan ta’lim sifatining O‘zbekiston qonunchiligi talablariga nechog‘li mos kelishi yuzasidan OAV orqali ko‘proq chiqishlar qilib, bu borada fuqarolarimizning xabardorlik darajalarini muntazam oshirib borishlari lozim. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xorijga talaba jo‘natish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining ko‘rsatayotgan xizmatlarini o‘rganib, ularning faoliyatlari O‘zbekiston qonunchiligiga nechog‘li mos kelishiga huquqiy baho bersa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

“Mahalliy OTMlarda ta’lim sifatining pastligi va tayyorlanayotan kadrlarning raqobatbardosh emasligi” javobini 13% yoshlar, “Xorijiy OTMlarda o‘qish bilan birga ishlash imkoniyatining mavjudligini
11% respondentlar ma’lum qilgan. Ushbu masalada xorijiy amaliyotga nazar tashlaydigan bo‘lsak, AQShda talabalar darsdan tashqari vaqtlarida ishlash imkoni mavjud. Buning uchun har chorak yakunida ish o‘rinlari ko‘rgazmalari tashkil etilib, eng yaxshi nomzodlar tanlab olinadi.
Sinov muddati bir yilgacha uzaytirilishi mumkin. Biroq, bu bir yil maoshsiz ishlash shart, degani emas. Hammasi talabaning yangi jamoaga qanchalik tez moslashib ketishiga bog‘liq.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi amaldagi mehnat qonunchiligi o‘rganib chiqib, o‘zbekistonlik talabalarga ham darsdan tashqari vaqtlarda 1 stavkagacha ishlash imkoniyatining huquqiy asoslarini yaratib bersalar yaxshi bo‘lar edi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kunduzgi bo‘lim talabalari 1 stavka ishlashlari mumkin emas. Bu qoida eskirgan bo‘lib, hozirgi kunda dasrdan keyin, hatto uyida o‘tirib, buyurtma bajarish orqali 1 va undan ortiq stavkada ishlash mumkin. Faqat bunga qonuniy asos kerak.

Shu bilan birga, mahalliy OTM da korrupsiya va ta’magirlik holatlarining keng tarqalganligi (10%) yoshlarning xorijiy OTMlarni tanlashlari uchun asos bo‘layotganligi aniqlandi. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ekspertlarining fikriga ko‘ra “…Qator OTMda korrupsiya va ta’magirlik holatlari hamon saqlanib qolmoqda. Kirish imtihonlarida (ayniqsa, ijodiy imtihonlar, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarda) tanish-bilishchilik, korrupsiya va ta’magirlik holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Aksariyat OTMda jamoatchilik nazorati o‘rnatilmagan, OTM qoshidagi Jamoatchilik kengashlari nomigagina tuzilgan va amalda faoliyat yuritmaydi.

Yana bir dolzarb masala – magistraturaning hamon eski tizimda qolayotganligi, ijobiy o‘zgarishlarning deyarli yo‘qligi, magistraturaga kirish imtihonlari bilan Davlat test markazi emas, balki OTMning o‘zi shug‘ullanayotganligi va shu bois, turli qallobliklar, korrupsion holatlarning saqlanib qolayotganidir.

Bu kabi muammolarning mavjudligi albatta, tizimdagi islohotlarning natijadorligini shubha ostiga qo‘ymoqda…”.

“Xorijiy mamlakatlarda ishlab qolish va doimiy yashab qolish istagi” yoshlarni xorijiy OTMlarni tanlashiga sabab bo‘lmoqda, degan javoblarni 11% respondentlar e’tirof etishgan. Ushbu fikr tarafdorlari xorijiy davlatlarda hayotiy extiyojlarni qoplash uchun yaratilgan qulay
shart-sharoitlar va nisbatan yuqori mehnat maoshlarini sabab qilib ko‘rsatgan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda OTMga kirish imtihonlari tizimining isloh qilinishi, imtihonlarning adolatli, shaffof o‘tkazilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Buni respondentlar tomonidan yo‘llangan javoblardan ham bilish mumkin. Xususan, so‘rovnoma ishtirokchilarining faqatgina 4% mahalliy OTMlarda adolat tamoyili buzilmoqda deb hisoblaydi.

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida qabul kvotalarining bitiruvchilar soniga nomuvofiq miqdorda saqlab kelinganligi bir tomondan, xalqimizda bilim olish qadriyatining eng yuksak milliy qadriyatlardan biri ekanligi ikkinchi tomondan ta’sir ko‘rsatishi natijasida, mamlakatimizda har qanday shaklda bo‘lmasin oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lishga intiluvchilar soni keskin yuqori bo‘lib kelgan. 2017 yildan boshlangan va kelgusi yilda ham davom etishi kutilayotgan qabul kvotalari miqdorining oshib borishi ushbu vaziyatni yumshashiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Shu bilan birga, masalaga taalluqli taraflar – manfaatdor vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari tomonidan test sinovlarida ishtirok etgan va kerakli ballni to‘play olmagan abituriyentlarga qo‘shimcha imtihonlar yoki shartlarsiz, oliy ma’lumotga ega bo‘lishning muqobil variantlari – oshirilgan kontrakt asosida o‘qish, sirtqi yoki kechki shakllarda o‘qish kabi imkoniyatlarni taklif etish, buning uchun lozim bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratib berish talab etiladi.

 

30.09.2019y