60 nafar bilimli va zukko tinglovchilar saralandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti 2019-2020 o‘quv yili 2-davra 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kursiga nomzodlardan hujjatlar 2020 yil 10 yanvarga qadar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘limlari hamda vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan Institut monitoring bo‘limiga taqdim etildi.
Respublikamizning turli vazirlik, idora va tashkilotlaridan jami 761 nafar nomzodlar hujjat topshirdi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 maydagi 336-sonli karoriga muvofiq, o‘quv kursi kirish imtihonlari 2 bosqichda o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, birinchi bosqichda Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston tarixi, Huquqshunoslik va Iqtisodiyot nazariyasi fanlaridan joriy yilning 13 fevral kuni test sinovlari bo‘lib o‘tdi. 761 nafar nomzoddan test sinovi natijalariga asosan yuqori ball olgan 107 nafar nomzod ikkinchi bosqich imtihonlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ikkinchi bosqich suhbat imtihonlarida nomzodlarning boshqaruv qobiliyati, ijtimoiy va ma’naviy-axloqiy darajasi, psixologik barqarorligi, tashkilotchiligi, yetakchiligi, vatanparvarlik xususiyatlarini va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini aniqlashga qaratildi. Ikkinchi bosqich suhbat imtihonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 21-22 fevral kunlari o‘tkazildi. Suhbat imtihonlarida 102 nafar nomzod ishtirok etib, shundan 60 nafar tinglovchilar o‘quv kurslariga qabul qilindi.
Joriy yilning 2 martidan boshlab o‘quv kurslarida o‘quv jarayonlari boshlandi. O‘quv kursi davomida “Boshqaruv psixologiyasi va liderlik” kafedrasi hamda “Strategik boshqaruv” kafedralari tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejaga muvofiq fanlar doirasida ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Tinglovchilarga o‘quv kursi davomida ulkan zafarlar tilaymiz!
Belgilangan vazifalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
– Respublika yoshlari orasida uchraydigan muammolarini o‘rganish, mazkur muammolarni hal qilishga doir ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida axborot-tahliliy materiallar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
– Hududlar kesimida davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda jamoat tashkilotlarining istiqbolli yosh kadrlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularning kasbiy rivojlanishi bo‘yicha monitoring tizimini yaratish, ushbu kadrlarni professional mahorati va shaxsiy fazilatlarini hisobga olgan holda boshqaruv lavozimlariga tavsiya etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
– ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari asosida davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda jamoat tashkilotlarining istiqbolli yosh kadrlari uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv kurslarini tashkil yetish, yosh boshqaruvchilarning kasbiy rivojlanishi bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash;
– yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etishning ilg‘or usullarini joriy qilish maqsadida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish sohasida xalqaro hamkorlik va aloqalarni rivojlantirish.