O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi PF-6017-son Farmonida Yoshlar ishlari agentligiga yoshlar sohasidagi xalqaro reytinglarda mamlakat mavqeini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
Bugungi kunda yoshlar bilan ishlash holatini monitoring qilish, ularning huquqlari himoyasini kafolatlash va turmush darajasini doimiy oshirib borishda amalga oshirilayotgan ishlarni baholashda “Global Youth Development Index”, “Youth Progress Index” va “Global Youth Wellbeing Index” alohida ajratiladi.
“Global Youth Development Index” BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (Sustainable Development Goals)ga mos keladi va O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan Inson kamoloti indeksi (Numan Development Index – 0,72 (106 o‘rin))ga ta’sir qiladi.
Ma’lumot uchun: indeks The Commonwealth tashkiloti tomonidan 181 mamlakatning 15-29 yosh oralig‘idagi yoshlarini 6 ta indikator
(27 ta subindiator) asosida o‘lchaydi.
Indeksning 2016 yilgi hisobotida mamlakatimiz 183 ta davlat ichida 53 (0.68 ko‘rsatkich bilan) o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yilda “tenglik va inklyuzivlik” hamda “tinchlik va xavfsizlik” indikatorlari qo‘shilishi bilan O‘zbekistonning ushbu indeksdagi o‘rni salbiy tomonga (98 o‘ringa) o‘zgardi.
Xususan, eng past ko‘rsatkichlar – bandlik va imkoniyat (145 o‘rin – 0,606), tenglik va inklyuzivlik (133/0,75), siyosiy va fuqarolik ishtiroki (95/0,276) bilan bog‘liq, shuningdek salomatlik va farovonlik (84/0,731), ta’lim (82/0,787) hamda tinchlik va xavfsizlik (55/0,811) ko‘rsatkichlarida ham holat yetarlicha ijobiy emas.
Ta’kidlash joizki, yuqoridagi eng past ko‘rsatkichlarning yangilanishi mamlakatni kamida 10 pog‘onaga o‘sishiga olib keladi.
Buning uchun respublikadagi yoshlar siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarni jalb qilgan holda mamlakatimizda oxirgi yillarda ushbu sohalarda amalga oshirilgan ishlar aks etgan “Milliy hisobot”ni tayyorlash hamda uning yakunlarini jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarga e’lon qilishni talab etmoqda.
Keyingi bosqichda esa, Instansiya tomonidan ruxsat berilgan taqdirda indeksni shakllantirishda ishtirok etuvchi xorijiy tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik qilish, mamlakatning o‘rnini yanada yaxshilash yuzasidan birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish imkoni mavjud.
Ushbu indeks 12 ta turli tuzilmalar – BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UNDESA), Aholishunoslik bo‘limi (UN Population Division), OIV/OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi (UNAIDS); Salomatlik qo‘rsatkichlari va baholash instituti (IHME)ning Global kasallik yuki (GBD) dasturi; YuNESKOning Statistika instituti (UIS); Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi (ITU); Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO); Jahon banki Global Findex ma’lumotlar bazasi (World Bank Global Findex Database); Iqtisodiyot va tinchlik instituti (IEP); Gellap tadqiqot markazi (GWP); Yoshlar siyosati laboratoriyalari (Youth policy Labs); EU INFORM (Index for risk management); Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.
Shundan, Salomatlik qo‘rsatkichlari va baholash instituti (IHME) 7 ta, Gellap tadqiqot markazi (GWP) 4 ta hamda Jahon banki va uning Global Findex ma’lumotlar bazasi (World Bank Global Findex Database) 2 ta subindikatorni ishlab chiqishda turli tadqiqot metodlaridan foydalanadi.
Ma’lumot uchun: Salomatlik qo‘rsatkichlari va baholash instituti (Institute for Health Metrics and Evaluation) – 2007 yil asos solingan, Bill Geyts jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan milliy sog‘liqni saqlash tizimlarining samaradorligini baholashga qaratilgan tashkilot. 2009 yildan boshlab 600 dan ortiq professor-o‘qituvchi va xodimlar ishtirokida har yili o‘lim sabablari, OIV, bezgak va sil bilan kasallanish, shuningdek, semizlik, sigaret chekish, yurak kasalliklari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa ko‘plab sohaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritib keladi.
Global kasallik yuki (The Global Burden of Disease) – global tadqiqot dasturi. 1990 yilda Jahon banki tomonidan tadqiqot sifatida boshlangan. Bill Geyts jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Tadqiqot dunyoning 8 mintaqasida 100 dan ortiq kasalliklarning yosh, jins va mintaqaga nisbatan o‘lim darajasini aniqlashda 145 mamlakatdagi 3 600 tadqiqotchilarini qamrab oladi.
Gellap tadqiqot markazi (Gallup World Poll) – Vashingtondagi 1935 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan tahliliy-konsalting markazi bo‘lib, ijtimoiy so‘rovlar (qonun va tartib, oziq-ovqat va uy-joy, muassasalar va infratuzilma, yaxshi ish o‘rinlari, farovonlik va aqliy rivojlanish yo‘nalishlar) orqali 160 dan ortiq mamlakatdagi (15 yoshdan katta bo‘lgan 1000 nafardan) aholi fikrini har 2 yilda o‘rganadi.
Jahon banki Global Findex ma’lumotlar bazasi (World Bank Global Findex Database) – 2011 yildan buyon 120 dan ortiq mamlakat fuqarolarining daromadlari, to‘lovlarni amalga oshirishi, qarz olish va boshqa moliyaviy masalalarini so‘rovlar orqali aniqlab, har 3 yilda nashr qilinadigan ma’lumotlar manbasi hisoblanadi.
Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics and Peace) – 2007 yilda asos solingan, Avstraliya (Sidney)da joylashgan “Global tinchlik indeksi”ni yurituvchi tashkilot.
Amalga oshirilgan choralar natijasida qator natijalar:
– mamlakatning xalqaro reyting va indeksardagi o‘rni yaxshilanishi;
– jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv va O‘zbekistonning butun dunyoga nisbatan yuritayotgan ochiqlik siyosatining yanada mustahkamlanishi;
– mamlakatimizdagi ta’lim, sog‘liqni-saqlash va bandlik sohalari va gender masalasidagi mavjud holat tahlil qilinib, strategik choralar belgilanishiga erishiladi.