2018 yil 17-22 dekabr kunlari «O’zSharobSanoat» AJning Yoshlar ittifoqi yetakchilari uchun trening-seminarlar o’tkazildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi va uning qoshidagi Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti o’qituvchi va trenerlari tinglovchilar o’rtasida jamoani shakllantirish qobiliyatlarini, jamoada ishlash samaradorligini oshirish va muloqot qobiliyatlarini rivojlantirishda o’z hissasini qo’shdi.
«Boshqaruv psixologiyasi va liderlik» kafedrasi mudiri, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Kamoliddin Qodirov liderlikni shakllantirish bo’yicha trening o’tkazdi. Shaxsda liderlik xususiyatlarining shakllanishiga qanday omillar ta’sir etishi haqida aytib o’tdi va liderlikni shakllantiruvchi mashg’ulotlarni o’tkazdi;
Sotsiologiya fanlari nomzodi, Alisher Yunusov, jamoani shakllantirish bo’yicha trening o’tkazdi. Trening jarayonida shaxslararo muloqotni tashkil etish, jamoaviy hamkorlik va birdamlik qanchalik muhim ekanligiga alohida urg’u berildi.
Kafedra dotsenti, PhD, Nargiza Norqulova tomonidan ishtirokchilarga ijodiy va kreativ fikrlashni rivojlantirishga ta’sir qiluvchi omillar va mexanizmlar, shuningdek, har qanday faoliyatda muvaffaqiyatga erishishning asosiy vositasi bo’lgan samarali qaror qabul qilish ko’nikmalarini shakllantirishga qaratilgan trening o’tkazildi.
Har bir trener o’z ma’ruza materiallarida turli nazariy sxemalar va muammolarni hal etish algoritmlari haqida so’zlab beridilar. Xususan, trenerlar nazariy materiallarni o’zlahtirish va individual ko’nikmalarni shakllantirish uchun amaliy mashg’ulotlar bilan mustahkamladilar.