Joriy yilning 17-oktyabr kuni Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbollari kadrlarni tayyorlash instituti hamda Yaponiyaning Nagoya universiteti hamkorligida «Pedagogik tizimni qayta yangilash: shaxsiy ehtiyojlardan kelib chiqib individual oʻqitish metodlarini joriy etish» mavzusida seminar oʻtkazildi. Unda institut 4 oylik qayta tayyorlash kursi tinglovchilari, doktorantlari, ilmiy xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

 

Tadbirning ochilish marosimida dastlab soʻz olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori Jasur Salixov, Institut direktori Aktam Jalilovlar davlat fuqarolik xizmatiga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish, jumladan, yuqori kasbiy salohiyatga ega, tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yosh kadrlar zaxirasini shakllantirishda mazkur taʼlim dasturining oʻz oʻrni borligini taʼkidlab oʻtdilar.

Shuningdek, Nagoya universiteti Taʼlim va inson resurslari oliy maktabi professori Moxammad Reza Sarkar Arani yoshlarni o‘qitish jarayonida ularning ehtiyojlarini o‘rganib, ta’lim usullarini ularga moslashtirish borasidagi Yaponiya tajribasi bilan bo‘lishdi.

 

Uchrashuv doirasida Nagoya universiteti professor-o‘qituvchilari Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti vakillari uchun ASCI doktorlik dasturi – ish faoliyatidan ajralmagan holda 3 yil davomida xalqaro ilmiy daraja olish imkonini beruvchi ta’lim loyihasi haqida taqdimot qildilar.