Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti ilmiy xodimlari, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarining tadqiqot olib borish metodologiyasi bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalarini yana-da oshirish maqsadida Ilmiy bo‘lim tomonidan tashkil etilgan seminar-treninglarning 1-bosqichi yakunlandi. Joriy yilning 10 fevral kunidan ish boshlagan seminar-treninglar «Ilmiy maqola matnini tayyorlash talablari», «Online Writing Lab (OWL) platformasi bilan ishlash», «Ilmiy maqola uchun jurnal tanlash» va «SCOPUS bazasi bilan ishlash» kabi mavzularda bo‘lib o‘tdi. Mazkur treninglar siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) To‘ychiyeva Raʼno tomonidan olib borildi va samarali tashkil etildi.

Seminar-treninglar doirasida yosh tadqiqotchilar ilmiy maqola turlari, maqola uchun sarlavha tanlash, uni to‘g‘ri shakllantirish, maqola annotatsiyasi va asosiy qismini yozish talab va qoidalari, adabiyotlarni topish va tahlil qilish usullari bilan batafsil tanishdilar. Shuningdek, Online Writing Lab (OWL) platformasi bilan tanishtirilib, tadqiqot ishini mukammal yozish qoidalarini o‘rgatuvchi mazkur platforma xizmatlari haqida aniq va to‘liq maʼlumotlar berildi. Olingan maʼlumotlar turli misollar yordamida tahlil qilindi. Qolaversa, tadqiqot ishida plagiatni oldini olish shartlari, maqolalarni APA, MLA, Chicago style, AMA va ASA formatlarda tayyorlash yo‘llari, SCOPUS bazasidagi maʼlumotlardan foydalanish hamda SCOPUS jurnallari talabiga ko‘ra ilmiy tadqiqotlarni tayyorlash usullari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshirildi.

Tinglovchilar tomonidan ilmiy maqolani tayyorlashning har bir bosqichi, talablari va metodlari, iqtiboslar va bibliografik ro‘yxatni to‘g‘ri shakllantirish, tadqiqot ishlarida paragraflarni qay tartibda yozish, ilmiy jurnallar indeksatsiyasini tekshirish va SCOPUS bazasidan yo‘nalishlarga mos keluvchi jurnallar bilan ishlash borasida berilgan savollarga taqdimotlarda ko‘rsatilgan namunalar orqali javoblar olindi. Taʼkidlash lozimki, o‘tqazilgan seminar-treninglar tadqiqotchilar tomonidan mazmunli, samarali va foydali bo‘ldi, deya baholandi.

Talab va takliflardan kelib chiqib, mazkur yo‘nalishdagi seminarlar har oyda bir marotaba o‘tqazilib borilishiga kelishib olindi.

Fikr bildirish