1. Kengash Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash Instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) faoliyatiga taalluqli asosiy masalalarni ko‘rib chiqish va hal qilish uchun Institut direktori – Kengash raisining rahbarligida doimiy faoliyat yurituvchi boshqaruv organi hisoblanadi.
  2. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi raisi buyruqlari, Institut Ustavi va mazkur Nizomga amal qiladi.
  3. Kengash o‘z faoliyatini qonuniylik, oshkoralik, mustaqillik, masalalarni erkin muhokama qilish, kollegiallik va yakkaboshchilikning uyg‘unlashuvi, jamoa fikrini hisobga olish tamoyillari asosida amalga oshiradi.
  4. Kengash tarkibiga direktor o‘rinbosari, ilmiy kotib, kafedra mudiri, bo‘lim boshliqlari, xodimlar, shuningdek, boshqa ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlarining vakillari ham kiritilishi mumkin. Vakolat muddati – 5 yil.
  5. Kengash tarkibi Institut direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Har bir kalendar yilining boshida, shuningdek, turli sabablarga ko‘ra Kengash tarkibidan chiqqanlar o‘rniga, yangi a’zolar saylanadi yoki Nizom bo‘yicha kiritiladi.

 

 

 

Kengashning maqsad va vazifalari

 

  1. Kengashning maqsadi – institut jamoasi say’-harakatlari, intellektual salohiyati O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlarida belgilangan vazifalarga muvofiq istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek ilmiy-tadqiqotlar asosida yoshlar muammolarini o‘rganish, tahlil qilish, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish.
  2. Kengash:

“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ga muvofiq davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarining qat’iy bajarilishini o‘rganib chiqadi hamda ustivor masalalar bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar belgilaydi;

ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejalari ijrosi, professor-o‘qituvchilar tarkibining malaka oshirish va qayta tayyorlash masalalarini muhokama qiladi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi;

professor-o‘qituvchi tarkibi lavozimlarini egallash hamda professor yoki dotsent ilmiy unvonlarini berish bo‘yicha o‘tkaziladigan taqdimnomalarni muhokama qiladi, professor-o‘qituvchilar tanlovlarini o‘tkazadi va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qiladi;

professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilish hamda lozim hollarda darslik va o‘quv qo‘llanmalarni nashr grifini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Muvofiqlashtiruvchi Kengashiga tavsiya etish masalasini muhokama qiladi va tegishli qarorlar qabul qiladi;

tinglovchilarining bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik dissertatsiyalari, doktorant va mustaqil tadqiqotchilarning doktorlik dissertatsiyalarining mavzularini muhokama qiladi va tegishli qarorlar qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusi doirasida tinglovchilarning ilmiy-ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishga joylashtirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish choralarini ko‘rish, sport sog‘lomlashtirish bazalarini qurish masalalarini o‘rganadi va tegishli qarorlar qabul qiladi;

institutning tashkiliy tuzilmalariga o‘zgartirishlar kiritish, yangi kafedra va bo‘limlar tashkil qilish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;

institut tinglovchilari va xodimlarining texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasini takomillashtirish bo‘yicha tadbirlarni belgilaydi.

 

Kengashning vakolatlari

 

  1. Kengash vakolatiga quyidagilar kiradi:

o‘quv rejalari va dasturlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tavsiyalarini inobatga olgan holda Kengash tomonidan tasdiqlash;

professor-o‘qituvchilar tarkibi uchun o‘quv yuklamalari normativini tasdiqlash (o‘quv soatlari hajmi), shuningdek, pedagogik xodimlar tomonidan ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy metodik va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirishni rag‘batlantirish shakllarini ishlab chiqish;

tinglovchilarning malakaviy amaliyoti va stajirovka o‘tash tartibini tasdiqlash;

o‘quv jarayonining yakuniy natijalari uchun attestatsiya komissiyasi tarkibini tasdiqlash;

bitiruv malakaviy ishlarini tayyorlash va himoya qilishning asosiy talablarni tasdiqlash;

Institut bo‘limlari rahbarlarining hisobotlarini tinglash;

boshqaruv, professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tartibi hamda Institut xodimlariga har oylik ustamalarni belgilash mezonlarini tasdiqlash;

qonun hujjatlari va mazkur Ustavga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

  1. Kengash kollegial muhokama qilishni talab etadigan, Institut faoliyatiga taalluqli bo‘lgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishi va hal qilishi mumkin.
  2. Kengash qarorlari Institut direktori tomonidan tasdiqlanadi va Institutning barcha tarkibiy bo‘linmalari, xodimlari va tinglovchilari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lib hisoblanadi.
  3. Kengash raisi:

Institut Ustaviga muvofiq, Kengashning faoliyatini tashkil etadi, uning majlislarini olib boradi, Kengash a’zolari o‘rtasida vazifalar va topshiriqlarni taqsimlaydi;

Kengash qarorlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘radi;

Kengashning navbatdagi va navbatdan tashqari majlislarini o‘tkazish kuni, vaqti va joyini belgilaydi;

Kengashga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan masalalarning jamoatchilik asosida muhokama qilinishi va ularning hal etilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;

Kengash majlisi uchun kun tartibiga Kengash ish rejasida nazarda tutilgan masalalardan tashqari boshqa zarur bo‘lgan masalalarni kiritadi;

Kengash faoliyati bo‘yicha va u tomonidan qabul qilingan qarorlar yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi;

Institut Ustaviga muvofiq, Kengash faoliyatini tashkil etishga doir boshqa masalalarni hal qiladi.