O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash Instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g’risida”gi PQ-4768-sonli qarori asosida faoliyatini yuritadi.
Institut faoliyati yoshlar muammolarini o’rganish, mazkur yo’nalishda ilmiy-tadqiqot va tahliliy izlanishlar olib borish, istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yo’naltirilgan davlat muassasasi hisoblanadi
Institutda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi.
Qayta tayyorlash kurslarida o’qish kasbiy faoliyatdan ajralgan holda, malaka oshirish kurslarida o’qish kasbiy faoliyatdan ajralgan yoki ajralmagan holda, shuningdek masofaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish asosida amalga oshirilishi mumkin.
O’quv kurslariga nomzodlarni O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi davlat hokimiyati, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mamlakatimizning jamoat tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan saralab oladi. Nomzodlar yoshi 30 yoshdan oshmagan, oliy ma’lumotli va kamida 2 yillik mehnat stajiga ega bo’lishi kerak.
Ishlab chiqarishdan ajralgan holda tahsil olayotgan Institut tinglovchilarining asosiy ish joyi bo’yicha egallab turgan lavozimi va o’rtacha ish haqi o’qish mobaynida saqlab qolinadi.