O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash Instituti 2017 yil 14 avgustda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida” gi PQ-3206-sonli Qarori asosida tashkil etildi.

Institut faoliyati yoshlar muammolarini o’rganish, mazkur yo’nalishda ilmiy-tadqiqot va tahliliy izlanishlar olib borish, istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yo’naltirilgan davlat muassasasi bo’lib, O’zbekiston yoshlar ittifoqi va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Institut ta’sischilari hisoblanadi.

Institutda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi.

Qayta tayyorlash kurslarida o’qish kasbiy faoliyatdan ajralgan holda, malaka oshirish kurslarida o’qish kasbiy faoliyatdan ajralgan yoki ajralmagan holda, shuningdek masofaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish asosida amalga oshirilishi mumkin.

O’quv kurslariga nomzodlarni O’zbekiston yoshlar ittifoqi davlat hokimiyati, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mamlakatimizning jamoat tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan saralab oladi. Nomzodlar yoshi 30 yoshdan oshmagan, oliy ma’lumotli va kamida 2 yillik mehnat stajiga ega bo’lishi kerak.

Ishlab chiqarishdan ajralgan holda tahsil olayotgan Institut tinglovchilarining asosiy ish joyi bo’yicha egallab turgan lavozimi va  o’rtacha ish haqi o’qish mobaynida saqlab qolinadi.