2018 yil 5 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Hududiy rivojlanish va mintaqaviy siyosat: xorijiy tajriba” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarni Ijtimoiy siyosat mustaqil institutining hududiy dasturlari direktori, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universitetining professori, BMT Taraqqiyot dasturi eksperti Natalya Vasilevna Zubarevich olib bordi.
Seminarda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining hududiy rivojlanishda asosiy o‘rin tutadigan Markaz-Periferiya rivojlanish modeli haqida, xususan, uning elementlari, masalan, malakali inson kapitali, moliyaviy va tabiiy resurslarni hududdan markazga tabiiy ravishda jalb etib boradigan hududiy aglomeratsiyalarning paydo bo‘lishi va ularning mamlakat rivojlanishidagi roli borasidagi ma’ruza tinglandi. Shuningdek, professor Zubarevich tomonidan aglomeratsiyalarni rivojlanishi tufayli yuzaga keladigan hududlararo iqtisodiy tengsizlikka oid xavf-xatarlar va ularni oldini olish, ulardan to‘g‘ri maqsadda foydalanish yo‘llarini MDH, Xitoy va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari misolida ko‘rsatib berildi.
Hududiy rivojlanishda markaz tomonidan byudjet mablag‘larini aniq metodikaga asoslanmagan geosiyosiy loyihalarga emas, balki iqtisodiy ko‘rsatkichlarga va natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirishga asoslangan holda adolatli taqsimlash hamda hududlarda kuchli ijtimoiy siyosat ijrosini ta’minlash mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishida katta hissa qo‘shadigan aniq misollar yordamida taqdim qilindi. Buning uchun zarur bo‘ladigan ijtimoiy imkoniyatlar, iqtisodiy infrastruktura va amaliy ko‘nikmalarni kengaytirish borasida takliflar o‘zaro fikr almashish shaklida birgalikda ko‘rib chiqildi va akademiya tinglovchilari tomonidan barcha qiziqtirilgan savollarga to‘liq javob berildi.
Mazkur seminar Davlat boshqaruvi akademiyasining BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikdagi “O‘zbekistonda rahbar kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish”ga oid qo‘shma loyihasi tomonidan amalga oshirilgan tashrif doirasida tashkil qilindi. Tashrif davomida professor Zubarevich tomonidan akademiyada qo‘llanilayotgan hududiy rivojlanishga oid o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, akademiya o‘qituvchilari bilan birgalikda master-klass trening o‘tkazish hamda akademiyada hududiy rivojlanishga oid faoliyatini kengaytirishga oid tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutilgan.