Raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayoni keng axborot makonida yoshlar o‘rtasidagi ma’naviy muhitni barqarorligini ta’minlash choralarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Axborot texnologiyalar olamidagi ma’lumotlarni filtrlash va tahlil qilish hamda bu boradagi havfsizlik faoliyatining normativ-huquqiy asoslari to‘g‘risida fikr yuritish muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha  5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Ushbu yig‘ilishda yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligi ta’kidlandi.
Har bir davlatning barqaror taraqqiyoti hamda rivojlaninishi – inson omili, xususan, yosh avlodning ilmiy, ijodiy va ma’naviy salohiyatiga bog‘liqdir.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi va bevosita rahnamoligida yoshlar tarbiyasi, ularning ma’naviyatini yuksaltirish sohasidagi islohotlarni hayotimizning boshqa sohalari bilan o‘zaro chambarchas bog‘langan hamda tizimli ravishda olib borish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga qilgan murojaatnomasida raqamli iqtisodiyot atamasini qo‘lladilar. Ushbu tushuncha fuqarolarimiz qiziqishiga katta sabab bo‘ldi. Har qanday axborot texnologiyalari rivojlangan jamiyatda asosiy sohalarning barchasi raqamli ish yurituvi asosida ishlash tamoyillariga o‘tmoqda, shu jumladan mamlakatimiz ham, bu sohada ilg‘or qadamlar bilan odimlab bormoqda.
E’tiborli jihati shundan iboratki, zamonaviy texnologiyalar va ulardan foydalanish usul va vositalari rivojlanishi bilan birgalikda axborot makonidan inson ma’naviy muhitini salbiy oqibatlarga olib keladigan sabab va tahdidlar ortib boradi. Shundan kelib chiqib, xavfsizlik choralari birlamchi omilga chiqadi.
2019 yil oktyabr-noyabr oylarida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlar orasida ma’naviy muhit, qadriyatlar va bo‘sh vaqt masalalarini o‘rganish yuzasidan sotsiologik tadqiqot ishlari amalga oshirildi.
Tadqiqot respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilib, unda 1500 yaqin yoshlar qamrab olindi va ularning 51%-erkak,  49%-ayollar, shuningdek – 14-18 yoshlilar 42%, 19-22 yoshlilar  42%, 19-22 yoshlilar 41%, 23-26 yoshlilar 14%, 27-30 yoshlilar 3%ni tashkil etdi.
Achinarli jihati shundaki, turli qatlamdagi yoshlarning 73% “ma’naviyat” tushunchasini to‘liq anglab yetmaganligini, 14% mazkur tushunchani mavhum ekanligini va anglab yetish qiynchilik tug‘dirishini, 13% “ma’naviyat” va “ma’rifat” tushunchalari bir xil ma’noni anglatishini ta’kidlashgan.
Bugungi globallashuv davrida yoshlar ma’naviyati va qadriyatlarining shakllanishiga tashqi omillar, yot g‘oyalar, buzg‘unchi va zararli mafkuralar ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Internet tarmog‘idan faol foydalanish, unga kirish imkoniyatlarining kengayishi bilan bir qator ijobiy jihatlar bilan birga, yoshlar tarbiyasida turli salbiy omillarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
So‘rovda qatnashgan yoshlarning 85% ularning ma’naviy dunyo qarashi salbiy tomonga o‘zgarish holatlariga Internet va ijtimoiy tarmoqlar sabab bo‘layotganini ta’kidlashgan. Bundan tashqari, tadqiqot ishtirokchilari – 7% do‘stlar va tanishlar, 5% oila va 3% ommaviy axborot vositalari (xorijiy kinofilmlar, seriallar va musiqiy kliplar) yoshlar ma’naviy dunyosining buzilishiga ta’sir ko‘rsatishini ma’lum qilishgan.
Shu bilan birga, aksariyat yigit-qizlarda Internet tarmog‘idan foydalanish madaniyatining yetarli darajada emasligi, ularning ulkan axborot maydonidagi ma’lumotlarga nisbatan ishonuvchanligining yuqoriligi ham bu boradagi muammolarga sabab bo‘lmoqda.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, axborotlashtirish jarayonida xavfsizlik choralarini oldini olishda eng avvalo axborot kommunikasiyalar sohasida huquqiy mukammal asoslarni yaratish bilan boshlanishi zarurligi barchamizga ma’lum.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda soha mutaxassislarining fikr va mulohazalaridan kelib chiqib, quyidagi takliflarni hayotga tadbiq etish nazarda tutiladi:
1. Ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish. Ayniqsa, “ma’naviyat” tushunchasining mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazishda hayotiy misollar, ta’sirchan vositalardan foydalanish, halollik, insonparvarlik, mehnatsevarlik g‘oyalariga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq;
2. Mahalla institutining ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi faoliyati nisbatan sustroq ekanligini inobatga olgan holda, ushbu hududlarda MFY xodimlari uchun maxsus o‘quvlar, seminar-treninglar tashkil qilish, ularni hududdagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlash;

3. Ta’lim muassasalarida, ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tahsil olayotgan yoshlar uchun o‘quv mashg‘ulotlarida, darslarda axborot psixologik xavfsizlik, internetdan foydalanish madaniyati, ijtimoiy tarmoqlarning salbiy taraflari xususida tushuntirish ishlarini kuchaytirish;
4. Yoshlar orasida nofarmal ta’limni (treninglar, o‘quv-seminarlar va b.) rivojlantirish. Bu orqali ularning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlariga ko‘maklashish, “Time management”, “Motivasiya”, “Kreativlik” mavzularida treninglar tashkil etish. Bunda ta’lim muassasalarining yetakchilarini qisqa muddatli o‘quv kurslari orqali trenerlarga aylantirish.
5. Yoshlarning hayotiy ehtiyoji, prinsiplariga aylanishi uchun to‘g‘ri yo‘nalish va ko‘rsatmalar berib borish o‘qituvchi-murabbiylar, ota-onalar, qolaversa, yoshlar tashkilotlarining asosiy vazifalaridan biriga aylanishi lozim.
6. Farzandning “bo‘sh vaqti”ni to‘g‘ri tashkillashtirishda ota-onalarning roli yuqoriligini inobatga olgan holda, ular o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish. Ayniqsa, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ittifoqi bu borada ijtimoiy roliklarni ko‘paytirishi va OAV muntazam berib borishi maqsadga muvofiq.
7. Yoshlarimiz orasida hunarmandchilik, rassomchilik kabi ijodiy to‘garaklarga nisbatan qiziqish pastligini bir qator omillar bilan izohlash mumkin. Birinchidan, yoshlarning yuqoridagi sohalar bo‘yicha qiziqishlarini rag‘batlantiradigan tizim, imtiyozlar mavjud emas. Ikkinchi tomondan, bu boradagi to‘garaklar faoliyati barcha hududlarda samarali yo‘lga qo‘yilmagan. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “Hunarmandlar uyushmasi, O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi tomonidan hududlarda yangi loyihalar, aksiyalar, ko‘rgazmalar tashkil qilish maqsadga muvofiq.

2020 yil
mart

Fikr bildirish