2018 yil 28 noyabr “O‘zbekistonda yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish: muammo va istiqbollar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi 4.5 bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, dunyo mamlakatlari tajribasini inobatga olgan holda yoshlarning boshqaruvchanlik qobiliyatini aniqlash va salohiyatini rivojlantirish, yosh istiqbolli kadrlarning professional rivojlanishini tahlil qilish, ular faoliyatining samaradorligi mezonlarini aniqlash, yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirish maqsadida “Yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish istiqbollari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etilmoqda.
Konferensiya quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi:
1-sho‘ba. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ustuvor yo‘nalishlarida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda yosh rahbar kadrlar oldidagi ijtimoiy to‘siqlar va ularning maqbul yechimlari.
Bunda: yosh rahbar kadrlar faoliyatidagi muammolar: jamoani shakllantirish, taym-menejmentga amal qilish, boshqaruv qarorlarini qabul qilish, muloqot samaradorligiga erishish, boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lish kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratilishi lozim.
2-sho‘ba. Yosh istiqbolli kadrlarning boshqaruvchanlik qobiliyatini baholashning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy-psixologik ko‘rsatkichlari hamda mezonlari.
Bunda: yosh istiqbolli kadrlarning professional rivojlanishini kuzatib borish, ular faoliyati samaradorligi mezonlarini, boshqaruvchilik qobiliyatini aniqlash va shakllantirishning zamonaviy nazariy asosini ishlab chiqish yo‘nalishlariga e’tibor qaratilishi lozim.
3-sho‘ba. Yosh istiqbolli kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda rahbarlik lavozimlariga tavsiya qilishda xorij tajribasi. Bunda: yosh rahbarlarni tayyorlash hamda shakllantirish tizimiga ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish, hududlar kesimida va turli mezonlar asosida yoshlarni o‘rganish bo‘yicha sotsiologik hamda tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish yo‘nalishiga e’tibor qaratilishi lozim.
4-sho‘ba. O‘zbekistonda davlat xizmati sohasidagi yosh rahbarlarga xos kompetensiyalarni shakllantirish istiqbollari.
Bunda: yosh istiqbolli kadrlarning kasbiy rivojlanishini o‘rganish, yosh kadrlarda vatanparvarlik ruhi, ma’suliyat va haqqoniylikning ilmiy asoslari hamda ularni davlat xizmatchisi ongiga singdirish metodikasini ishlab chiqish yo‘nalishlariga e’tibor qaratilishi lozim.
Ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish tartibi:
Konferensiya 2018 yil 28 noyabr kuni soat 10.00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida bo‘lib o‘tadi va unda vazirlik, idora, tashkilot, muassasalar bosh mutaxassislari, yosh olimlar, doktorant, mustaqil tadqiqotchi va magistrlarning ishtirok etishi nazarda tutilgan.
Ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etuvchilarning ilmiy maqolalari quyidagi talablar asosida qabul qilinadi:
1. Ilmiy maqolalar konferensiya yo‘nalishlariga oid dolzarb mavzularda, ilmiy tahlillarga suyanib, tugallangan fikrlar asosida tegishli taklif va tavsiyalar taqdim etilgan holda bo‘lishi lozim;
2. Taqdim etilayotgan ilmiy maqolalar soha bo‘yicha yetuk mutaxassislarning kamida bitta taqrizi bilan qabul qilinadi;
3. Ilmiy maqolalar matnlari tahrir qilingan holda A4 hajmdagi qog‘ozga, yuqoridan va pastdan 2 sm., chapdan 3 sm., o‘ngdan 1,5 sm. joy qoldirib, bir nusxada rasmiylashtirilgan bo‘lishi lozim. Maqolaning nomi bosh harflar bilan yozilib, 1,5 intervaldan so‘ng muallifning ismi va otasining ismini bosh harflari hamda familiyasi yoziladi, 1 intervaldan keyin tashkilot (ish yoki o‘qish joyi) va shahar nomi ko‘rsatiladi. So‘ngra 1,5 interval qoldirilib, matnning mazmuni 1,5 intervalli qatorlarda yoziladi.
4. Matnning elektron nusxasi MS Word dasturida, Times New Roman shriftida, 14 kegel kattaligida bo‘lishi va 5 betdan oshmasligi kerak. Maqolalar elektron nusxasi hamda taqrizning imzosi bilan skaner qilingan (pdf) holatda maqolaga ilova qilib, gsadiyeva@inbox.ru elektron manziliga yuboriladi.
5. Konferensiya uchun materiallar 2018 yilning 10 noyabrga kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining (Toshkent shahri, I.Karimov ko‘chasi 45-uy) tashkiliy qo‘mitasiga taqdim etilishi mumkin. Ilg‘or g‘oyalarni o‘zida mujassamlashtirgan maqolalar ilmiy konferensiya materiallari to‘plamida chop etiladi.
Batafsil ma’lumotlarni (0371) 232-61-45, 232-61-31, 232-60-56 telefon raqamlari orqali olishingiz mumkin.