Joriy yilning 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasining kichik anjumanlar zalida “O‘zbekistonda yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish: muammo va istiqbollar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o’tkazildi.
Konferensiya 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi 4.5 bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, dunyo mamlakatlari tajribasini inobatga olgan holda yoshlarning boshqaruvchilik qobiliyatini aniqlash va salohiyatini rivojlantirish, yosh istiqbolli kadrlarning professional rivojlanishini tahlil qilish, ular faoliyatining samaradorligi mezonlarini aniqlash, yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Konferensiya O‘zbekistonda yosh rahbar kadrlarni tanlash, ularning salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirishda rahbar qiyofasi omili, rahbar shaxsiga qo’yiladigan psixologik talablar xususida ma’ruza qilindi.
Konferensiya 4 ta sho‘baga bo‘lingan holda olib borildi.
Birinchi sho‘bada 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ustuvor yo‘nalishlarida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda yosh rahbar kadrlar oldidagi ijtimoiy to‘siqlar va ularning maqbul yechimlari xususida fikr bildirildi.
Ikkinchi sho‘bada olimlar, mutaxassislar va tadqiqotchilar tomonidan yosh istiqbolli kadrlarning boshqaruvchilik qobiliyatini baholashning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy-psixologik ko‘rsatkichlari hamda mezonlari haqida so‘z yuritildi.
Uchinchi sho‘bada yosh istiqbolli kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda rahbarlik lavozimlariga tavsiya qilishda xorij tajribasi bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirildi.
To‘rtinchi sho‘bada O‘zbekistonda davlat xizmati sohasidagi yosh rahbarlarga xos kompetensiyalarni shakllantirish istiqbollari haqidagi tadqiqot va ilmiy izlanishlar bilan tanishildi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.