O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti 2018-2019 o‘quv yilining 1-davra 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kursida o‘qish uchun tanlov e’lon qiladi.
Hujjatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Hududiy Kengashlarida 2018 yil 15 oktabrga qadar qabul qilinadi. Nomzodlar oliy ma’lumotli, 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari hamda oliy ta’lim muassasasini tugatgandan keyin kamida 2 yil ish stajiga ega, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlardan xabardor, yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida chuqur bilimli, mas’uliyatli, tashabbuskor, yetakchilik, ishbilarmonlik qobiliyati va jamoa bilan ishlash tajribasi mavjud davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlarining rahbar xodimlari yoki mutaxassislari bo‘lishlari lozim.
Nomzodlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
- Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlarining birinchi rahbarlari imzosi bilan tavsiyanoma;
- Institut direktori nomiga yozilgan ariza;
- So‘rovnoma, ma’lumotnoma-obyektivka (yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda);
- Oliy ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjat va ilovasining nusxasi, topshirishda hujjatning asl nusxasi ko‘rsatiladi;
- Mehnat daftarchasining nusxasi;
- 086-U shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
- 3,5 x 4,5 sm. o‘lchamli 6 ta rangli fotosurat;
- Pasport nusxasi, topshirishda hujjatning asl nusxasi ko‘rsatiladi.
Hujjatlarga nomzodning ish faoliyati davomidagi muayyan yutuqlarini (mukofotlari, ixtiro patentlari va boshqa erishilgan yutuqlarini) aks ettiruvchi hujjatlar nusxalari ilova qilinishi mumkin.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar ikki bosqichli tanlovdan o‘tadilar.
Birinchi bosqichda O‘zbekiston tarixi, iqtisodiyot nazariyasi va huquqshunoslik fanlari bo‘yicha nomzodlarning bilimini aniqlashga qaratilgan test sinovlari, ikkinchi bosqichda esa nomzodlarning salohiyati, bilim saviyasi va dunyoqarashi, boshqaruv qobiliyati, ijtimoiy va ma’naviy-axloqiy darajasi, psixologik barqarorligi, tashkilotchiligi, qadriyatlari, yetakchiligi, vatanparvarlik xususiyatlarini va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini aniqlashga qaratilgan suhbat o‘tkaziladi.
Batafsil ma’lumotlarni O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va Hududiy Kengashlardan olishingiz mumkin.