
Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida pedagogik mahoratni rivojlantirish hamda zamonaviy ta’lim modellarini joriy etishga bag‘ishlangan uch kunlik xalqaro seminar o‘z yakuniga yetdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston va Yaponiya davlat rahbarlari tashabbusi asosida ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan amaliy qadam sifatida tashkil etildi.


Tadbirda Institut direktori, professor Aktam Jalilov, Nagoya universiteti Oliy ta’lim va inson taraqqiyoti maktabi professori, qiyosiy ta’lim sohasi eksperti Sarkar Arani, Toshkentdagi Nagoya universiteti direktori doktor Eldorjon Elmurodov, shuningdek, Nagoya universiteti professori Kavanj Asuka ishtirok etdi.

Seminar faqat akademik muloqot maydoni emas, balki milliy ta’lim tizimining kelajagi yuzasidan strategik muhokama platformasi vazifasini bajardi. Unda pedagogik kompetensiyalarini rivojlantirish, ta’lim modellarini qiyosiy tahlil qilish, shuningdek, Yaponiya ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan samarali yondashuvlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Bunday format nazariy muhokamalardan amaliy tajriba almashinuviga o‘tish imkonini berdi.

Seminar doirasida ta’lim sifatini oshirishning institutsional mexanizmlari, tadqiqot madaniyatini rivojlantirish va tanqidiy fikrlay oladigan, metodologik jihatdan moslashuvchan hamda akademik tashabbuskor pedagoglarni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Professional munozaralar, savol-javob sessiyalari va tahliliy chiqishlar tadbirning amaliy ahamiyatini yanada kuchaytirdi.
Mazkur seminar Institutning ekspert maydon sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi. U xalqaro ta’lim muloqoti va ilg‘or tajribalarni milliy kadrlar tayyorlash tizimiga integratsiya qilishga xizmat qiladigan barqaror asosni shakllantirdi.
