Joriy yilning 17-avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” gazetasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” nomli intervyusi chop etildi. Davlat rahbari tomonidan berilgan ushbu intervyuning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka ochib berish maqsadida joriy yilning
27-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Yangi O‘zbekiston – pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalardan tegishli soha mutaxassislari, OAV vakillari, Davlat boshqaruvi akademiyasi, O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining professor-o‘qituvchilari, xodimlari va doktorantlari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida quyidagi masalalar muhokama etildi:
– Yangi O‘zbekiston – negizi xalq manfaati bo‘lgan faol ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va yangilanishlar davri;
– Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida oldimizda turgan eng ustuvor vazifalar;
– Ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat – Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va hamkorlikka intilish tamoyillarini kuchaytirishning muhim omili sifatida;
– Yangi O‘zbekistonda rahbarlar faoliyatining bosh mezon – bu xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, uning orzu-umidlarini o‘zi uchun asosiy maqsad qilib, izchillik bilan ro‘yobga chiqarishdan iborat;
– Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning o‘rni va asosiy vazifalari;
– Yangi O‘zbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir.
Intervyuda mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘li, bugungi shiddatli o‘zgarishlar jarayoni, global dunyodagi voqelikka teran munosabati xalqchil tarzda keng qamrovda ochib berilganligi, jamiyat hayotining barcha jabhalariga daxldor masalalar, mazkur yo‘nalishlarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar muammolari bilan birga batafsil bayon etilgani bilan ahamiyatli ekanligi tadbirda ishtirokchilari tomonidan alohida ta’kidlandi.
Davra suhbatida ishtirokchilar barcha mavzularda bahs-munozalar bilan fikr almashdilar.