Ilmiy tadqiqot olib borishni to‘g‘ri tashkil qilish natijaning tez va samarali bo‘lishiga xizmat qilishini barchamiz yaxshi bilamiz. Mamlakatimizda ilmiy sohaga bo‘lgan eʼtiborning ortayotgani tadqiqotchilar va olimlarga yangi imkoniyatlar berishi bilan birga jiddiy masʼuliyat ham yuklaydi. Ilmiy tadqiqot ishlari shakl, mazmun va sifat jihatidan xalqaro standartlarga javob berishi kerakligi talab etiladi. Shularni hisobga olgan holda, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti ilmiy xodimlari, doktorantlar va mustaqil izlanuchilarining tadqiqot olib borish metodologiyasi bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida Ilmiy bo‘lim tomonidan seminar-treninglar tashkil etildi.

Joriy yilning 10 fevral kunidan ish boshlagan seminar-trening «Ilmiy maqola matnini tayyorlash talablari» mavzusida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) To‘ychiyeva Raʼno tomonidan olib borildi. Mavzu doirasida yosh tadqiqotchilar ilmiy maqola turlari, maqola uchun sarlavha tanlash, uni to‘g‘ri shakllantirish, maqola annotatsiyasi va asosiy qismini yozish talab va qoidalari, adabiyotlarni topish va tahlil qilish usullari bilan tanishdilar. Tinglovchilar tomonidan ilmiy maqolani tayyorlashning har bir bosqichi, talablari va metodlari borasida berilgan savollarga taqdimotda ko‘rsatilgan namunalar orqali javoblar olindi. Mazkur treninglar 20-fevral sanasiga qadar davom etadi.

Fikr bildirish