Bugun, 28 fevral sanasida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti ilmiy xodimlari, doktorantlar va mustaqil izlanuchilari poytaxtimizda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida yoshlar haykaltarosh, rassom va fotograf mutaxassislar tomonidan Islom Karimov siymosiga bag‘ishlab yaratilgan noyob sanʼat namunalari bilan tanishdilar. Shuningdek, Islom Karimovning bolalik, o‘spirinlik davrlari, bosib o‘tgan muhtasham va ibratli hayot yo‘li, davlat rahbari sifatida olib borgan oqilona siyosati va faoliyati, uning shaxsiy va axloqiy fazilatlari, sevimli mashg‘ulotlari hamda o‘ziga xos oliyjanob xislatlari haqida yana-da batafsil maʼlumot oldilar. Islom Karimov hayoti va faoliyatiga tegishli kolleksiyalar va ashyolardan iborat eksponatlar ularda alohida taassurot qoldirdi. Mustaqilligimiz asoschisi – Islom Karimov xotirasi chuqur hurmat ila yana bir bor yodga olindi.


Maʼlumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 apreldagi tegishli qarori asosida Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish va merosini har tomonlama o‘rganish maqsadida tuzilgan. Majmua muzey, Ilmiy-tadqiqot va taʼlim markazi, kutubxona va o‘quv zali hamda konferensiya zalidan iborat. Majmua o‘z faoliyatini Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda olib boradi.

Fikr bildirish