Kecha 30-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Azmu shijoatli yoshlarimiz bilan birgalikda yangi O‘zbekistonni albatta bunyod etamiz” nomli ma’ruzasini tinglab, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning yuksak namunasini guvohi bo‘ldim desam, asl haqiqatni aytgan bo‘laman. Chunki so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining “oltin davri”ni kuzatish mumkin.

 

 

Yurtboshimiz tomonidan yoshlarni kelajagimiz egalari sifatida ko‘rib, ular uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Hattoki 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb e’lon qilinishi ham fikrlarimga yorqin misol bo‘la oladi.
Ayniqsa, kecha o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida Prezidentimiz tomonidan g‘ayrati baland, intiluvchan o‘g‘il-qizlarimizni ruhlantiruvchi, oldiga qo‘ygan maqsadlari sari ildam qadam tashlashga undovchi so‘zlari bilan bir qatorda yoshlarga ko‘plab imkoniyat va imtiyozlar eshigini yanada kengroq ochib berdi. Berilgan imkoniyat va imtiyozlarning eng asosiylarini quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin:
Birinchidan, yangi o‘quv yilidan talabalar uchun ajratiladigan ta’lim krediti 14 foizli bo‘lib, 7 yilga beriladigan bo‘ldi. Kreditni qoplashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar soliqdan ozod qilinadi;
Ikkinchidan, dunyo miqyosida TOP-1000 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalarini bitirgan va chetda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi;
Uchinchidan, oliy ma’lumot talab etiladigan kasb va lavozimlar qayta ko‘rib chiqiladi. Ularning kamida 150 tasidagi bunday talab bekor qilinadi;
To‘rtinchidan, maktab attestatini berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy bo‘ladi. Ro‘yxatni hokimlar tasdiqlaydi. 10-11 sinf o‘quvchilari o‘sha ro‘yxatdagi kasblarga o‘qitiladi;
Beshinchidan, ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qo‘shimcha 2 mingta kvota ajratiladi va ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Yosh oilalarning ipoteka kreditini qaytarishga to‘lagan mablag‘lari daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.
Muxtasar qilib aytganda, yosh yigit-qizlarimiz uchun yaratilayotgan keng ko‘lamdagi imkoniyat va shart-sharoitlar, ularning o‘qib-o‘rganishlari, qizg‘in faoliyat ko‘rsatishlari uchun qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyatini ham o‘ziga jalb etayotir. Bu esa o‘z navbatida yoshlarimizning jamiyatda ijtimoiy faolligini oshirishga, vatanimiz kelajagi uchun bor-kuch g‘ayratlarini safarbar etgan holda o‘qib izlanishi, faoliyat yuritish uchun yanada ruhlantiradi.

 

Nargiza Umarova,
Yoshlar muammaolarini o‘rganish va istiqbolli
kadrlarni tayyorlash instituti ilmiy xodimi

 

 

Fikr bildirish