Joriy yilning 20-dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan Yaponiyaning Nagoya universiteti bilan hamkorlikda “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o’tkazildi.
Konferensiyada O’zbekiston va Yaponiyaning yoshlar sohasida faoliyat yurituvchi davlat idoralari, nodavlat tashkilotlari vakillari, ekspertlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi (jami – 90 nafar).
Tadbir ochilishida O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, Nagoya universiteti Oliy ta’lim va inson resurslari maktabi dekani Haruhiko Matsushita, Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori A.Jalilov konferensiya ahamiyati, maqsad va vazifalari yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirishdi.
Tadbir davomida ekspertlar va ishtirokchilar tomonidan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash mexanizmlari, shuningdek, yoshlar o’rtasida gender masalalari hamda oiladagi zo’ravonlik holatlari, ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlashda yangicha yondashuvlarni joriy etish imkoniyatlari atroflicha muhokama etilib, bir qator amaliy takliflar ishlab chiqishga erishildi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan mavzuning dolzarbligi ta’kidlanib, kelgusida shu kabi tadbirlarni doimiy tashkil etishga kelishildi.