“Markaziy Osiyoning birdamligi siyosati: mintaqada barqarorlikni taʼminlashda Oʼzbekiston omili” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi. Аkademiya hamda Fridrix Ebert nomidagi Jamgʼarmaning Oʼzbekistondagi Vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro davra suhbatida Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining Davlat boshqaruvi akademiyalari rahbarlari, АQSh, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Eron Islom Respublikasi kabi davlatlarning xorijiy ekspertlari, OАV vakillari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Tadbirni Аkademiyaning Ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar boʼyicha prorektori Аlisher Umarov kirish soʼzi bilan ochib berdi.
Unda Oʼzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va Mintaqalararo Tadqiqotlar Instituti, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, oliy taʼlim muassasalari masʼullari, Аkademiya professor-oʼqituvchilari, tadqiqotchilari va tinglovchilari maʼruzalari hamda oʼz fikr-mulohazalari bilan chiqishlar qildilar.
Tadbirning asosiy maqsadi — Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlarni tahlil etish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni oʼrnatishda Oʼzbekiston omilini ilmiy va siyosiy tahlil etish, mintaqada infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda yurtimizning faol ishtirokini taʼkidlash, erishilgan natijalar va istiqbolli rejalarni davlat boshqaruvi bilan bogʼliq holda tahlil qilish, mintaqaning transport-kommunikatsiya imkoniyatlarini targʼib qilish va istiqbolli rejalarni aniqlashtirish, ikki va koʼp tomonlama muloqot platformalarini oʼrganib ularning mintaqa barqarorligini taʼminlashdagi rolini ilmiy oʼrganish va mavzuga oid qarashlar va tahliliy maʼlumotlardan kelib chiqib takliflar ishlab chiqishdir.
Xalqaro davra suhbati yalpi majlis va toʼrtta yoʼnalishlarda tashkil etildi.
Birinchi yoʼnalish – Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlar.
Ikkinchi yoʼnalish – Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni taʼminlashda Oʼzbekiston omili
Uchinchi yoʼnalish – Mintaqada infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda Oʼzbekistonning faol ishtiroki.
Toʼrtinchi yoʼnalish – Mintaqaviy barqarorlikka erishishda davlat boshqaruvining ahamiyati.
Xalqaro davra suhbati yakunlari boʼyicha xalqaro tajribani hisobga olgan holda Markaziy Osiyoning birdamligi siyosati: mintaqada barqarorlikni taʼminlashda Oʼzbekiston omili boʼyicha taklif va tavsiyalar asosida xalqaro davra suhbati tezislari toʼplami nashr etiladi.