O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamda O’zbekiston yoshlar ittifoqi 2017 – 2021 –yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 – yil 28 – dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish bo’yicha belgilab berilgan vazifalarning beshinchi bandi hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 – yil 25 – fevraldagi 133-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan “2019 – yilda respublika miqyosida o’tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlar rejasi”ga muvofiq  joriy yilning 14-15 – iyun kunlari Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari” 

mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o’tkazilishi rejalashtirilgan.

Konferensiya quyidagi yo’nalishlar bo’yicha tashkil etiladi:

1-sho’ba: O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy yo’nalishlari: muammo va yechimlar (yoshlarning siyosiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlash, yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash va huquqiy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish masalalari);

2-sho’ba: Yoshlar huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligi muammolari (yoshlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishda ta’lim tizimining o’rni, yoshlarning siyosiy savodxonligi, oilalarda huquqiy tarbiya muhitini rivojlantirish masalalari, OАVda huquqiy targ’ibot va uning yoshlar huquqiy madaniyatini shakllantirishdagi o’rni, yoshlarga qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularning huquqiy bilimlarini oshirishda davlat va jamoat tashkilotlarining o’rni);

3-sho’ba: Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning moliyaviy mexanizmlarini takomillashtirish yo’llari (yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo’llari, yoshlarning biznes loyihalari hamda start-aplarini moliyalashtirish borasidagi mavjud vaziyat va muammolar tahlili, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini amalga oshirishning amaldagi holati tahlili va rivojlantirish yo’nalishlari, ilm-fan va yoshlar tadbirkorligi faoliyati o’rtasidagi uzviylikni ta’minlash, yoshlarda tadbirkorlik ko’nikmalarini rivojlantirishda ta’lim tizimining rolini oshirish);

4-sho’’ba: Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash va mehnat bozorini muvofiqlashtirish yoshlar bandligi omili sifatida. Xorij tajribasi (yoshlar bandligini ta’minlash tizimining mavjud holati tahlili va uning samaradorligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlashning huquqiy-me’yoriy asoslari va amalga oshirish mexanizmlari, yoshlarni ish bilan ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyatini oshirish, yuqori texnologiyalarga asoslangan tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishda xorij tajribasi)

Ilmiy-amaliy konferensiyani o’tkazish tartibi: Konferensiya 2019 – yilning 14-15 –iyun  kunlari soat 10-00 da “Yoshlar ijod saroyi”da bo’lib o’tadi va unda vazirlik, idora, tashkilot, muassasalar bosh mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar vakillari, O’zbekistondagi xorijiy mamlakatlar elchixonalari xodimlari, O’zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog’iston, Tojikiston, Qirg’iziston yoshlar tashkilot vakillari, yosh olimlar, doktorant, mustaqil tadqiqotchi va magistrlarning ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etuvchilarning ilmiy maqolalari quyidagi talablar asosida qabul qilinadi:

      1. Ilmiy maqolalar konferensiya yo’nalishlariga oid dolzarb mavzularda, ilmiy tahlillarga suyanib, tugallangan fikrlar asosida tegishli taklif va tavsiyalar taqdim etilgan holda bo’lishi lozim.
      2. Taqdim etilayotgan ilmiy maqolalar soha bo’yicha yetuk mutaxassislarning kamida bitta taqrizi bilan qabul qilinadi.
      3. Ilmiy maqolalar matnlari tahrir qilingan holda А4 hajmdagi qog’ozga, yuqoridan va pastdan 2 sm., chapdan 3 sm., o’ngdan 1,5 sm. joy qoldirib, bir nusxada rasmiylashtirilgan bo’lishi lozim. Maqolaning nomi bosh harflar bilan yozilib, 1,5 intervaldan so’ng muallifning ismi va otasining ismining bosh harflari hamda familiyasi yoziladi, 1 intervaldan keyin tashkilot (ish yoki o’qish joyi) va shahar nomi ko’rsatiladi. So’ngra 1,5 interval qoldirilib, matnning mazmuni 1,5 intervalli qatorlarda yoziladi.
      4. Matnning elektron nusxasi MS Word dasturida, Times New Roman shriftida, 14 kegel kattaligida bo’lishi, 3 betdan kam bo’lmagan va 6 betdan oshmasligi lozim. Maqolalarning elektron nusxasi va taqrizi imzosi bilan skaner qilingan (PDF) holatda maqolaga ilova qilib, соnference@yomi.uz elektron manziliga yuboriladi.
      5. Har bir maqola antiplagiat dasturida tekshiriladi.
      6. Konferensiya uchun materiallar 2019 – yilning 20 – may kuniga qadar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o’rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining (Toshkent shahri, I.Karimov ko’chasi 45-uy) tashkiliy qo’mitasiga taqdim etilishi mumkin.Ilg’or g’oyalarni o’zida mujassamlashtirgan maqolalar ilmiy konferensiya materiallari to’plamida chop etiladi.

        Batafsil ma’lumotlarni (0371) 232-61-31, 232-61-45 telefon raqamlari orqali olish mumkin.

 

Fikr bildirish